“M360 Eurasia 2026” doirasida sun'iy intellekt va mobil aloqa sohasiga bag‘ishlangan xalqaro trening bo‘lib o‘tmoqda
2026-05-19 14:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur tadbir davlat organlari va regulyatorlar vakillari uchun tashkil etilgan bo‘lib, sun’iy intellekt texnologiyalarining mobil aloqa ekotizimidagi o‘rni, uning iqtisodiyot va boshqaruv sohalariga ta’siri, shuningdek AI'ni mas’uliyatli joriy etish masalalariga bag‘ishlangan.
Trening davomida ishtirokchilar sun’iy intellektning fundamental tamoyillari va uning zamonaviy raqamli ekotizimdagi ahamiyati bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar bilan tanishadilar. Shuningdek, AI texnologiyalarining mobil telekommunikatsiya sohasida qo‘llanilishi, jumladan tarmoqlarni avtomatlashtirish, AI yechimlari orqali texnik nosozliklarni oldindan aniqlash va xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Tadbir doirasida raqamli infratuzilmalarni intellektual boshqarish, sun’iy intellekt asosida mijozlar bilan ishlash sifatini yaxshilash hamda operatsion jarayonlarni optimallashtirish bo‘yicha amaliy keyslar taqdim etiladi.
Qatnashchilar xalqaro AI governance tajribalari, turli davlatlarda sun’iy intellektni tartibga solish mexanizmlari bilan tanishadilar.
Bundan tashqari, sun’iy intellektdan xavfsiz, shaffof va mas’uliyatli foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Xalqaro ekspertlar tomonidan AI texnologiyalarini davlat boshqaruvi va strategik tarmoqlarga samarali joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berilishi koʻzda tutilgan.






