O‘zbekiston “Country of the Year 2026” — startap ekotizimi eng jadal rivojlangan davlat sifatida e’tirof etildi
2026-05-19 13:25:00 / Vazirlik yangiliklari
Davlatimiz rahbari tomonidan raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va startap ekotizimini rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor bugun o‘zining amaliy natijasini bermoqda.

Xususan, joriy yil aprel oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi IT Park majmuasiga tashrif buyurib, u yerda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, yoshlar uchun imkoniyatlar va innovatsion loyihalar bilan tanishgan edi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari Poytaxtimizdagi IT Park'ga tashrifi chog‘ida sun’iy intellekt texnologiyalarini vazirlik va idoralar faoliyatiga, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga keng joriy etishga qaratilgan ilg‘or loyihalar taqdimoti bilan tanishib, sohani jadal rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab bergan edi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan “National AI Hackathon” — sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy xakaton tadbirida ishtirok etdi. Mazkur tadbir davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda sun’iy intellekt ekotizimini shakllantirish va texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil siyosatning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Aynan shunday tizimli islohotlar, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, IT Park faoliyatini kengaytirish, startaplar uchun infratuzilma va investitsion muhitni yaxshilash borasidagi ishlar natijasida O‘zbekiston xalqaro maydonda yuqori natijalarni qayd etmoqda.
StartupBlink xalqaro tadqiqot platformasi tomonidan e’lon qilingan “Global Startup Ecosystem Index 2026” hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston global startap ekotizimlari reytingida 2025 yilga nisbatan 19 pog‘onaga yuqorilab, dunyoda 79-o‘rinni egalladi.
Mazkur natija mamlakatimiz uchun tarixiy ko‘rsatkich bo‘lib, O'zbekiston startap ekotizimi oʻsish surʼatlari boʻyicha dunyoda yetakchiga aylandi va oʻrtacha global koʻrsatkichdan 13 barobar yuqori natijani qayd etdi.
Hisobotga ko‘ra, mamlakat bir yil ichida +227,3 foiz o‘sish sur’atini qayd etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2026 yil reytingidagi eng yuqori natija sifatida baholangan.
Shuningdek, StartupBlink tomonidan O‘zbekiston “Country of the Year 2026” — startap ekotizimi eng jadal rivojlangan davlat sifatida ham e’tirof etildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning global reytingdagi pozitsiyasi bosqichma-bosqich mustahkamlanib bormoqda:– 2023 yil — 111-o‘rin– 2024 yil — 110-o‘rin– 2025 yil — 98-o‘rin– 2026 yil — 79-o‘rin
Natijada mamlakat 2023 yildan buyon jami 32 pog‘onaga yuqoriladi.
Hisobotda Markaziy Osiyo dunyodagi eng tez o‘suvchi startap subhududi sifatida qayd etilgan bo‘lib, ushbu o‘sishning asosiy drayverlaridan biri sifatida Toshkent shahri alohida tilga olingan. Xususan, Toshkent startap ekotizimi +155,7 foiz o‘sish ko‘rsatkichi bilan mintaqadagi eng tez rivojlanayotgan shaharlardan biri sifatida e’tirof etildi.
Jahon miqyosida esa Toshkent shahri 121 o‘ringa ko‘tarilgan va dunyoning top-300 dagi shaharlar kirgan, Samarqand va Farg‘ona shaharlari esa ilk bor top-1000 talik reytingga kirdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish, raqamli tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, IT Park faoliyatini kengaytirish, startaplarni moliyaviy va infratuzilmaviy jihatdan rag‘batlantirish, xalqaro investitsiyalarni jalb etish hamda yoshlar uchun texnologik imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining amaliy samarasini bermoqda.
StartupBlink indeksi “Crunchbase”, “Semrush” va 100 dan ortiq davlat hamda ekotizim tashkilotlari bilan hamkorlikda shakllantiriladi va u jahon bo‘ylab startap muhiti, innovatsion iqtisodiyot va texnologik tadbirkorlik rivojlanishini baholovchi eng nufuzli reytinglardan biri hisoblanadi.


