“GameFest-2026” festivali yuqori saviyada davom etdi
2026-05-16 21:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Toshkent shahrida o‘tkazilgan “GameFest-2026” xalqaro festivalining ikkinchi kuni yuqori kayfiyat, kreativ muhit va nufuzli mehmonlar ishtiroki bilan yodda qoldi.
Tadbirga Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov tashrif buyurib, festival doirasida tashkil etilgan ekspo hududlar va startap loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
Vazir festivalning Game Jam va GameDev hududlarida bo‘lib, 36 soatlik marafon davomida 90 ta jamoa tomonidan ishlab chiqilgan o‘yin prototiplari hamda mahalliy dasturchilarning innovatsion g‘oyalarini ko‘zdan kechirdi.
Qayd etilganidek, ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan loyihalar milliy geymdev industriyasining salohiyati tobora ortib borayotganini namoyon etdi.
Shuningdek, Creative Tech yo‘nalishida namoyish etilgan animatsiya va VFX ishlari ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Yosh ijodkorlar tomonidan Blender, Unreal Engine hamda Cinema 4D platformalari asosida yaratilgan 3D ishlar va milliy animatsiya loyihalari yuqori baholandi.
Festival doirasida xalqaro ekspertlar ishtirokida qator uchrashuv va muhokamalar ham tashkil etildi. Xususan, Eduardo Pena, Mike Morris va boshqa soha mutaxassislari bilan O‘zbekistonni mintaqaviy kreativ va gaming xabga aylantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tadbirning eng muhim qismlaridan biri — taqdirlash marosimi bo‘ldi. Unda eng yaxshi startaplar, Game Jam g‘oliblari hamda yosh multiplikatorlar tantanali ravishda taqdirlandi. Marosimda xalqaro venchur fondlari — Behold Ventures, United Ventures hamda Ludus VC vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, festival doirasida yuzaga kelgan yangi hamkorliklar va investitsion qiziqishlar mahalliy startaplar uchun xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
“GameFest-2026” nafaqat texnologiya va ijodkorlik bayrami, balki O‘zbekistonda game development, animatsiya va kreativ industriyalarni yangi bosqichga olib chiquvchi muhim platforma sifatida e’tirof etildi.









