Toshkentda startap ekotizimi va investitsiya hamkorligini rivojlantirishga bag‘ishlangan Markaziy Yevrosiyo venchur forumi bo‘lib o‘tdi
2026-04-03 21:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Toshkent shahrida beshinchi Markaziy Yevroosiyo venchur forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy Yevrosiyo, Yevropa, AQSh, Janubi-Sharqiy Osiyo va MENA mamlakatlaridan kelgan investorlar, tadbirkorlar, venchur fondlari va texnologik kompaniyalar vakillaridan iborat qariyb 800 nafar ishtirokchi jamlandi. Forum ilk bor O‘zbekistonda o‘tkazildi va bu mamlakatning texnologik ekotizimi jadal rivojlanayotgani hamda mintaqaning Yevroosiyo venchur xaritasidagi o‘rni kuchayib borayotganini aks ettiradi.
Forumni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ochib berdi. Vazir o‘z nutqida O‘zbekistonda startaplar uchun yaratilayotgan sharoitlar, sohani qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng IT Park bosh direktori Azamat Karamatov so‘zga chiqib, mamlakatda innovatsion ekotizimni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, IT Park rezidentlari uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda xorijiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha olib borilayotgan tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.
Forum tashkilotchilari sifatida MOST Holding va IT Park Uzbekistan Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida ishtirok etdi. MOST Holding 15 yildan ortiq vaqt davomida Markaziy Osiyoda tadbirkorlik muhitini rivojlantirib kelmoqda, venchur, fintex va ta’lim tashabbuslarini birlashtiradi. Forum hamkorlari qatorida Astana Hub, UK International Development, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, IFC, Air Astana, Yandex Cloud, VISA, UZVC, Accelerate Prosperity, IT Park Ventures va KPMG mavjud.
Forum dasturi juda boy bo‘lib, “Markaziy Osiyoda startaplar va venchur kapitali 2026” hisoboti taqdimoti, CEVF Awards mukofotini topshirish marosimi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Star Venture dasturi birinchi Markaziy Osiyo kogorti finalchilarini tanishtirish, xalqaro venchur bozori ishtirokchilari bilan uchta memorandum va bir kelishuv imzolash, shuningdek Investment Readiness Accelerator (IRA) Tashkent akseleratsiya dasturini ishga tushirish kabi tadbirlarni o‘z ichiga oldi.
Shuningdek, CEVF 2026 yakunida Markaziy Yevroosiyo startap ekotizimi, venchur bozori va texnologik biznesning eng yaxshi vakillarini taqdirlaydigan beshinchi yubiley CEVF Awards marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu yil g‘oliblar quyidagilar bo‘ldi:
· Eng yaxshi korporativ ochiq innovatsiyalar strategiyasi — Freedom Holding
· Eng yaxshi ekotizim ishtirokchisi — Startup Garage
· Eng yaxshi texnologik OAV — Pivot (O‘zbekiston)
· Eng yaxshi texnologik inflyuenser — Umed Rahimov (Tojikiston)
· ESG yetakchisi — School21
· Eng yaxshi venchur fondi — AloqaVentures (O‘zbekiston)
· Startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha eng yaxshi dastur — Red Team Accelerator (Qozog‘iston)
· Yangi biznes-angel — Sardor Qodirov
· Yil kashfiyoti va eng tez o‘suvchi startap — MoonAI
· Eng faol biznes-angel — Dana Kunanbaeva
· Yil bitimi — Datatruck (Series A, $12 mln)
Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki yuqori salohiyatli innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Star Venture dasturining birinchi Markaziy Osiyo kogortiga kirgan 13 finalchini e’lon qildi. Ular orasida O‘zbekistondan 7 ta startap bor: Hyper App, IMAN, OSNOVA, Robosell, Tezbor, UYSOT, Verifix.
Ushbu startaplar biznes-diagnostika, mentorlik va ekspertlardan maslahatlar, shuningdek, yangi bozorlarga chiqish va investitsiya jalb qilish bo‘yicha ko‘mak oladi.
CEVF 2026 Markaziy Osiyo venchur bozorining yetakchi maydoni sifatida o‘z an’analarini davom ettirib, 50 dan ortiq venchur fondlari, yuzlab biznes-angellar va startaplarni birlashtirmoqda. Forum mintaqada innovatsion iqtisodiyot rivoji, investitsiya muhitini mustahkamlash va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.









